O‘zbekistonlik arxeologlar Qozog‘istondagi xalqaro qazishmalarda ishtirok etmoqda
2025-06-17 12:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari Aysuluv Iskandarova va Niyoz Rashidov Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda viloyatida joylashgan Jankent qadimiy shahar xarobalarida olib borilayotgan xalqaro arxeologik tadqiqotlarda qatnashishmoqda.
Mazkur ekspeditsiya Xalqaro Turkiy akademiyasi ko‘magida va Qo‘rqit ota nomidagi Qizilo‘rda davlat universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bo‘lib, u turkiy dunyoga mansub o‘rta asrlar davridagi moddiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganishga qaratilgan. Ekspeditsiya rahbari Aysuluv Iskandarovaning ta’kidlashicha, Jankent xarobalari Orolbo‘yi hududidagi muhim arxeologik yodgorliklardan biri sanaladi.
Qazishmalar davomida ilk bor IX asrga oid o‘g‘uzlarga tegishli kumush tangalar xazinasi aniqlanib, ular boy shaharlikka mansub bo‘lgan uyda topilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, X–XI asrlarda aynan ushbu hududda o‘g‘uzlar davlatining ma’muriy markazi Yangikent joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyida shahar xarobalari hududida Jankentning turk dunyosidagi madaniy markaz sifatidagi ahamiyatini ifoda etuvchi yodgorlik stelasi o‘rnatildi. Hozirgi qazishmalar esa aynan hududning savdo va madaniy aloqalari haqida ma’lumot beruvchi me’morchilk qoldiqlari va osori atiqalarni aniqlashga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonlik mutaxassislarning ushbu loyihadagi ishtiroki Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ilmiy almashinuv va hamkorlikning yorqin namunasi bo‘lib, o‘rta asrlardagi mintaqalararo jarayonlarni chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi.
