Raximova Tashxanim
Raximova Tashxanim –1944-yil 28-yanvarda Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyati Turkiston rayonida tug‘ilgan. Ma'lumoti – oliy. Geobotanika va o‘simliklar ekologiyasi sohasidagi yetuk mutaxassis, biologiya fanlari doktori, professor. Asosiy ilmiy yo‘nalishi cho‘llanish jarayonida O‘zbekiston o‘simliklar qoplami va yaylovlarining ekologik holati, istiqbolli oziqabop o‘simliklarning eko-biologik xususiyatlarini moslashuvini hamda yaylov ekosistemalaridagi o‘zgarishlarni baholashga bag‘ishlangan. Natijalar inqirozga uchragan yaylovlarni serhosil turlar hisobiga boyitishda qo’llanilgan.
O‘zbekistonning cho‘l va adir mintaqalaridagi inqirozga uchragan tabiiy yaylovlarning holatini baholash va ularning holatini yaxshilash yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlari asosida hozirgi u yaratgan ilmiy maktab tomonidan Qizilqum, Ustyurt platosi va Orol dengizining qurigan tubidagi o‘simliklar qoplamini raqamli xaritalash, kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklarning senopopulyatsiyalarini o‘rganish, global iqlim o‘zgarishining mavjud stsenariylari bo‘yicha ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy o‘zgarishlarni bashoratlash, O‘zbekiston o‘simliklar qoplamini yangi avlod xaritalarini yaratish kabi zamonaviy talqindagi tadqiqotlarni olib bormoqda. O‘zbekiston tabiiy yaylovlarining holatini baholash bo‘yicha bir qator xaritalarning muallifi.
Hozirgi kunda olimaning ishtirokida “Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘simlik qoplami va yaylov resurslarining hozirgi holatini baholash” mavzusidagi Davlat dasturi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar (Ustyurt platosi, Orol dengizining qurigan tubi, Shimoliy-G‘arbiy Qizilqumda) olib borilmoqda.
T. Raximova – O‘zR FA Botanika instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash va Ilmiy seminar, shuningdek O‘zbekiston Milliy Universiteti huzuridagi Ekologiya ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi.
