Oshepkova Yuliya Igorevna
Oshepkova Yuliya Igorevna 1979-yilda tugʼilgan, millati rus, Bioorganik kimyo instituti laboratoriya mudiri (2018-2022), Bioorganik kimyo instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari (2022-h.v.). Ilmiy va pedagogik ish faoliyati 20 yil, Kimyo fanlari doktori, professor. “Shuhrat” medali (2020), “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʼkrak nishoni (2022), “Ozbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 80 yilligi” esdalik nishoni (2023) sohibasi.
Oshepkova Yuliya Igorevna 2003-yil Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti tamomlagan.
Yu.I. Oshepkova tomonidan birinchi marta Nigella sativa sedana urugʻidan 7 ta peptid ajratib olingan va tavsiflangan. Olingan natijalar r86527 va r86545 identifikasiya raqami bilan EMBL ma'lumotlar bazasiga kiritilgan. Nigella sativa sedana urugʻidan kam chiqindili, ishning rentabelligini oshiruvchi va mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini beruvchi kompleks texnologiya ishlab chiqildi. Urugʻ qoldiqlaridan Niglezim lipolitik fermenti ajratib olindi va Niglezim olinishi boʻyicha laboratoriya reglamenti tayyorlandi. Ushbu fermentni normal va kislotaliligi ortgan oshqozon shirasi faolligining normalligini ta'minlovchi, ichakda erish hususiyatiga ega kapsula shaklidagi biologik faol qoʻshimcha sifatida ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Xitoy olimlari bilan birgalikda uning ishtirokida Institut tomonidan yaratilgan Rutan preparatining COVID-19 virusiga qarshi faollik mexanizmi aniqlandi va preparat SARS–COV-2 virusining 2 ta asosiy ferment tizimiga ta'sir etishi orqali virusni ingibirlashi isbotlandi.
Yu.I. Oshepkova Rossiya, Belorussiya va Vetnam davlatlari bilan hamkorlikdagi “Yangi avlod rekombinant toksinlarini ishlab chiqishda ribosom-inaktivlovchi oqsillarning funksiyasi va tuzilishi” EAPI-2021-50 xalqaro Evroosiyo loyihasi rahbari hisoblanadi. Uning rahbarligida Sambucus nigra mevasi va poʻstlogʻi ekstraktlarining tripsinoliz reaksiyasidan keyingi oqsillarining YuSSX-MS/MS ketma-ketligi amalga oshirilgan. YuSSX-MS/MS ketma-ketlik ma’lumotlariga koʻra poʻstloq namunasida 9 ta RIB-2 mavjudligi va ularning 4 tasi avval tavsiflanmaganligi aniqlandi, meva namunasida esa ehtimoliy qaytarilgan shakldagi (1 ta zanjirdan) 2 ta RIB 2 mavjudligi aniqlandi. Tadqiqotlarni amalga oshirish davomida RIB faol markazi motivi (EAAR) tutgan triptik peptid yuqori ehtimollik bilan identifikasiyalandi. Ushbu fragment boʻyicha olingan mass-spektrometrik ma’lumotlar kelgusida tabiiy manbaalar namunasidan boshqa RIB-1/2 larni identifikasiyalash imkonini beradi.
Uning rahbarligi ostida kardiolipin antigeni substansiyasini olish texnologiyasi ishlab chiqildi va sifilisni aniqlash, erta tashxislash va davolash uchun “Mikropresipitasiya reaksiyalari uchun kardiolipin antigeni” AgKl-RMP diagnostikumini roʻyhatga olish guvohnomasi va ishlab chiqarishga ruhsat olindi.
Uning rahbarligi ostida qon plazmasida faollashgan qisman tromboplastin vaqtini klotting usuli orqali aniqlash uchun moʻljallangan "AChTV-test" diagnostika reagentlari toʻplamini olish texnologiyasi yaratildi. Ushbu test klinik-diagnostik laboratoriyalarda qoʻllash uchun moʻljallangan boʻlib, qon ivish jarayonining keng turdagi buzilishlarini aniqlashda samarali vosita hisoblanadi.
U 295 ta ilmiy maqola (ulardan 107 tasi xorijiy jurnallarda), 13 ta patent, 2 ta tovar belgisi va 25 normativ-texnik hujjatlar muallifidir. Uning rahbarligida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha 3 ta falsafa doktori (PhD) dissertasiya ishi himoya qilindi.
U bugungi kunda 2 ta stajyor-tadqiqotchi va 2 ta tayanch doktorantga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
