Mirzayeva Gulnara Saidarifovna
23.08. 1977 y., Toshkent viloyati
Oliy ma’lumotli. Biologiya fanlari doktori. Professor.
Biologiya, Zoologiya, Entomologiya.
Respublikamizda dolzarb muammolardan biri hisoblangan, aholi turar joy binolari, tarixiy obidalar, ijtimoiy soha ob’ektlari va strategik ob’ektlarning yogʻoch konstruksiya qurilmalariga jiddiy zarar keltirayotgan termitlar va boshqa ksilofag hasharotlarga qarshi kurash sohasida, muhim fundamental va amaliy natijalar qo‘lga kiritgan. Shuningdek, qishloq xoʻjalik ekinlari zararkunandalariga qarshi oʻsimliklarni biologik himoyalash sohasida oʻz maktabini yaratgan amaliyotchi-olim. Ilmiy faoliyati natijalari 250 dan ortiq ilmiy nashrlarda o‘z aksini topgan, jumladan, 5 ta monografiya, 2 ta darslik, 6 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 7 ta tavsiyanoma. Ilmiy faoliyat doirasida nufuzli xorijiy va xalqaro ilmiy jurnallarda 40 ga yaqin ilmiy maqola chop etilgan va 3 ta patent olingan, bu esa olib borilgan tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, 3 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlagan. Bundan tashqari, 10 nafar magistrantning ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan va hozirda 5 nafar falsafa doktori (PhD) talabgor tadqiqotchilarga ilmiy rahbar bo‘lib kelmoqda. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Zoologiya fani orqali yurtimizning xalqaro nufuzini oshirishga qo’shgan hissasini inobatga olgan holda, “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbekiston Yarimqattiqqanotli (Hemiptera: Heteroptera) hasharotlari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot rahbari sifatida 2021-2024 yillar mobaynida Oʻzbekistonning turli hududlaridan yarimqattiqqanotli hasharotlarning 5 ta infraturkum, 14 katta oila, 28 oila, 28 triba, 120 avlod, 15 kenja avlodga mansub 201 turini aniqlagan. Ulardan 11 turi Oʻzbekiston faunasi uchun ilk bor aniqlangan. Oʻzbekiston yarimqattiqqanotli hasharotlarining 9 oilaga mansub 24 turi noyob, yoʻqolib borayotgan va endemik turlarga ajratgan hamda kadastri tuzilib GAT haritalarini yaratgan.
Bugungi kunda Zoologiya instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.B.52.01 raqamli ilmiy kengash kotibi sifatida faoliyat olib bormoqda. Hozirda u institut ilmiy kengashi a’zosi, Xorazm Ma’mun akademiyasi huzuridagi ilmiy kengash a’zosi. Innovasion rivojlanish agentligi huzuridagi Biologiya fanlari boʻyicha ilmiy texnik kengash a’zosi. Shuningdek, Xorazm Ma’mun Akademiyasi axborotnomasi va Guliston davlat pedagogika instituti Sayhun ilmiy axborotnomasi jurnali tahrir hay’at a’zosi sifatida ham faoliyat olib bormoqda.
