Mirtadjiyeva Karamat Taxirovna
Tugʻilgan sanasi va joyi: 29-dekabr 1959-yil, Toshkent viloyati
Ma'lumoti: oliy, O‘zbekiston Milliy universiteti, fizika-matematika fanlari doktori, professor
Olima faoliyat yuritayotgan asosiy yo‘nalish: galaktikalar evolyutsiyasining boshlang‘ich bosqichini modellashtirish va ularning asosiy tarkibiy tuzilmalarini yuzaga kelish muammosini oʻrganish. Galaktikalarning fizik xususiyatlarini ularning kuzatish ma'lumotlarini tahlil qilish asosida oʻrganish. Galaktikadan tashqi ob'ektlarning kuzatuv ma'lumotlarini kompyuterda qayta ishlash va ularning fizikasini oʻrganish.
Fandagi yutuqlari: Ilk bor, Eynshteynning kollapslanuvchi modeli gravitatsion beqarorligining ikkita yangi mexanizmini aniqlagan. Keyinchalik bu nazariy natijalar AQSh va Koreya olimlarining raqamli tajribalari bilan tasdiqlandi. U anizotrop tezlik diagrammasiga ega nochiziqli nomuvozanatli disk modellarini ishlab chiqqan va ularning fonida g‘alayonlanishning asosiy tuzilmaviy modalarining gravitatsion beqarorligi masalalarini oʻrgangan. Galaktikalarda halqa, lopsaydal, diskning turli vertikal egrilanishlari va boshqa koʻrinishidagi tarkibiy tuzilmalarining shakllanish mexanizmlari va mezonlarini aniqlagan. Galaktikalar diskida ushbu tarkibiy tuzilmalarning yuzaga kelishining xarakterli vaqtlarini va modellarning nostatsionarlik darajasining kritik qiymatlarini topgan. Galoni hisobga olgan holda diskining evolyutsiyasi uchun tenglamani hosil qilgan va galaktikalar rivojlanishining dastlabki bosqichidagi ularning fizik parametrlari aniqlagan. Shuningdek,, ilk bor, fizik halqali galaktikalar tasnifini ishlab chiqqan.
Joriy loyihalar va tadqiqot ishlari:
- Xalqaro dasturlar doirasida Galaktikadan tasgqi ob'ektlarning tadqiqotlarini, ularning raqamli tasvirlarini fotometrik qayta ishlash asosida, olib borish. Rentgen galoli galaktikalar ma'lumotlarini kompyuterda qayta ishlash. Lopsaydal, diski egrilangan va cD galaktikalarning kuzatuv ma'lumotlarini statistik tahlil qilish.
- Galaktikalarda katta masshtabli tuzilmalarining yuzaga kelish muammosini oʻrganish. Kuzatilayotgan tuzilmalarga mos g‘alayonlanish modalarining gravitatsion beqarorliklariga nisbatan nochiziqli radial tebranuvchi sferik va disk modellarining qiyosiy tahlilini olib borish.
Ilmiy muassasada jamoatchilik ishlari: O‘R FA Astronomiya institutining xotin-qizlari kengashi raisi. Mazkur institut qoshidagi PhD.02/20.12.2019.FM.15.01 Ilmiy kengash a’zosi, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universitet qoshidagi PhD.03/05.05.2023.FM.01.18 Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari.
