Ismailova Jannat Xamidovna
1959-yil 14-oktyabr. Toshkent shahri.
Ma’lumoti: Tarix fanlari doktori, professor.
Ilmiy va kasbiy faoliyat yo‘nalishlari:Tarix, muzeyshunoslik va madaniy meros.
Ilm-fandagi yutuqlari: Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi tarixshunos olima, tarix fanlari nomzodi (1988), tarix fanlari doktori (2002), professor (2019), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan muzey xodimi(2017).
XIX-XX asrlarda O‘rta Osiyo tarixi, madaniyati va etnografiyasi, O‘zbekistonda muzeyshunoslik asoslari bo‘yicha bir qancha ilmiy tadqiqotlar muallifi. J. Ismailova - 250 dan ortiq monografiya, risolalar, o‘quv qo‘llanmalar hamda ilmiy maqolalar muallifi.
O‘zbekistonda muzeyshunoslik maktabining asoschisi. O‘z faoliyati davomida yangi muzeylarni tashkil etishda va Respublika muzeylariga ilmiy-nazariy hamda amaliy tomondan yordam ko‘rsatib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan:
50 ga yaqin yangi muzeylarni tashkil etish va muzey ekspozitsiyalarini rekonstruksiyalarida bosh ilmiy maslaxatchi va amaliyotchi sifatida ishtirok etgan.
Zamonaviy loyihalar asosida uning muallifligida O‘zbekistonda birinchi marta Bolalar muzeyiga (2011 y) asos solindi. Ushbu muzey hozirda kichik yoshdagi bolalarni (4-14 yoshgacha) dunyoqarashini boyitish va vatanparvarlik hissini shakllantirishda muxim tarbiyaviy markaz sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
4 ta fan doktori (Dsc), 9 ta falsafa doktorlariga (PhD) rahbarlik qilgan. Hozirda 3 ta fan doktor (DSc), 10 ta PhD tadqiqotlariga rahbarlik faoliyati davom etmoqda.
Tadqiqot olib borilayotgan joriy loyihalar/ilmiy ishlar.
Faoliyati davomida 10 dan ortiq fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga rahbarlik qilgan. Hozirda 2 ta amaliy va innovatsion loyihalarda ishtirok etmoqda.
Ayni vaqtda muzeydagi “O‘zbekiston madaniy merosi ilmiy tadqiqotlar kesimida” nomli ilmiy loyiha 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, “8+2” shaklida amalga oshiriladi. Xususan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi fondlarida mavjud bo‘lgan ashyolarni (arxeologiya, etnografiya, numizmatika, tabarruk buyumlar, arxiv fondi (tarixiy hujjatlar), arxiv fondi (fotosuratlar va fotonegativlar), badiiy san’at fondi, nodir nashrlar) o‘rganish, ilmiy tahlil qilish va kataloglashtirish masalalariga bag‘ishlangan.
Loyiha doirasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi fondlarida saqlanayotgan ashyolar ichidan eng noyob osori atiqalar tanlab olinib, ilmiy tahlil qilingan holda 8 ta kitob-albom va Toshkent tarixi bilan bog‘liq artefaktlari asosida 2 ta kitob-albom yaratiladi. Shuningdek, Tarixiy va madaniy yodgorliklarning elektron ma’lumotlar bazasini (reyestr) yaratish ishlari amalga oshiriladi.
Joriy loyihada maxsus platforma yaratilib, unda muzey fondlaridagi 350 ming ashyolarning qariyb 25 foizi artefaktlari o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi qisqacha annotatsiyasi bilan mazkur platformaga joylashtiriladi. Shuningdek, Ommaviy axborot vositalari bilan faol ishlaydi. “O‘zbekiston tarixi” kanali bilan birgalikda “Moziydan sado”, Muzeyshunoslik nazariyasi va amaliyotiga bag‘ishlangan turkum ko‘rsatuvlar tashkil etilib kelmoqda.
Ilmiy tashkilotdagi jamoatchilik faoliyati: Jannat Ismailova O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi PhD.02/09.07.2020.Tar.70.03. raqamli ilmiy kengash raisi va seminar a’zosi; O‘zbekiston Respublikasi Milliy Universiteti qoshidagi ilmiy seminar a’zosi, Davlat san’at muzeyi qoshidagi ilmiy seminar a’zosi.
Toshkent shaxri tarixi bilan shug‘ullangan olim sifatida “Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi”, shuningdek, Respublika miqiyosidagi “Mo‘tabar ayol” mukofoti komissiyasi, “O‘zbekiston-Ozarbayjon, O‘zbekiston-Rossiya, O‘zbekiston-AQSH do‘stlik jamiyatlari a’zosi.
J.Ismailovani ko‘p yillik tajribasi va muzeyshunoslik yo‘nalishidagi olib borgan fidokorona mehnatini inobatga olgan holda, 2010-yilda “Yilning eng faol muzey xodimi”, 2011-yilda “Yilning eng yaxshi muzeyi” va 2015-yilda “Yilning eng faol muzey rahbari” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. 2017-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
