Iskandarova Mastura
1948-yil 28-martda Chimkent viloyati, Sayram tumanidagi Qoramurt qishlog‘ida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, texnika fanlari doktori (1995), professor (2009), Rossiya tabiiy fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi. Asosiy ilmiy yo‘nalishi - energiya sig‘imi kam past uglerodli klinkerlar, tabiiy va texnogen mineral chiqindilar va ularning gibridlari bilan legirlangan kam klinkerli sementlar olishning fizik-kimyoviy asoslari va “yashil” energiya-resurstejamkor texnologiyalarini ishlab chiqish. Uning ilk ilmiy faoliyati kimyo sanoati chiqindisi fosfogips va boshqa texnogen chiqindilar asosida past haroratda olingan sulfoklinkerlar, sulfotsementlar hamda sementning maxsus turlarini olish texnologiyalarini ishlab chiqish. U past haroratda sintezlanadigan S4A3Ŝ, S5S2Ŝ, S4F3Ŝ minerallarini gidratlanish jarayonidagi o‘zaro ta’sir mexanizmini o‘rganib, ilk bora «S4A3Ŝ–S5S2Ŝ-S4F3Ŝ-suv» geterogen tizimida yangi hosilalar paydo bo‘lish kinetikasi, sun’iy konglomeratning mikrostrukturasi va fizik-mexanik xossalari shakllanishi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik qonuniyatlarini o‘rnatgan. Kimyo va metallurgiya sanoati texnogen chiqindilardan xom ashyo aralashmasi komponenti sifatida kompleks foydalanib, 1100-1150oС da sulfotemirli klinkerlar olishga ilmiy asos yaratgan va ularni energiya- va resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqqan. “Fosfozol” qo‘shimchali PS400-D20 va “Fosfozol” qo‘shimchasi asosidagi gibrid qo‘shimchalarni qo‘llab PS500-KD30 markali, tarkibidagi klinker ulushi 45%gacha Angren IESni quruq kultoshkoli bilan almashtirilgan PPS400 va PPS500 markali putssolan sementlarni olishni energiya- resurstejamkor “yashil” texnologiyalari “Ohangaronsement” AJ, “Qizilqumsement” AJ, “Bekobodsement” AJda joriy etilgan.
Xozirda M. Iskandarova atmosferaga karbonat angidridini kam chiqaradigan, kimyoviy reaksiyaga kirishish faolligi yuqori xom ashyo aralashmalaridan klinker olish, karbonatli qo‘shimchalar va ularning gibridlarini shakllantirib, xossalari yaxshilangan sementlar olish borasida tadqiqotlar olib bormoqda. Uning ilmiy-amaliy izlanishlari natijalari bo‘yicha 3ta o‘quv darslik va qo‘llanma, 4 ta monogrfiya chop etilgan. U jami 600 dan ziyod, shu jumladan, nufuzli xorij jurnallari va to‘plamlarida chop etilgan maqola va tezislar, 11 ta ixtiroga mualliflik guvohnomasi, 1ta Rossiya patenti, 4 ta O‘zbekiston patenti va 3ta foydali modelga patentlarning muallifi. U 5 ta fan nomzodi, 3 ta falsafa doktori (RDh), 3 ta fan doktori dissertatsiyasiga rasman ilmiy rahbarlik qilgan va 16 ilmiy daraja talabgorlariga tadqikotlar olib borishda va dissertatsiya tayyorlashda norasmiy maslahatchi bo‘lgan. M. Iskandarova rahbarligida 2ta falsafa doktori va 1ta fan doktori ilmiy darajasiga tayyorlangan dissertatsiyalar himoyasi 2025-yilni I-choragiga rejalashtirilgan.
M. Iskandarova UNKI ilmiy kengashining, institut huzuridagi ”Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi” ixtisosligi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash a’zosi, “O‘zbek kimyo jurnali” va INFINITI nashriyotining “Nauchnaya perspektiva” (Rossiya) jurnallarining tahririyat a’zosi.
